Bir
ko’rishdayoq sevib qolish bor narsa, ammo juda kam uchraydi. Ko’pchilik
esa: avval bir-birlarini tanimaydilar, bir necha marotaba to’qnash
kelgan bo’lsalar ham payqamaydilar, keyin ularni hayot turli
vaziyatlarda uchrashtiradi. Bu shunchaki xolat deb o’ylaydilar ular
boshida. Ammo…aslida hayotda shunchaki narsaning o’zi yo’q. Xullas,
ular sekin-asta bir-birlarini bila boshlaydilar. Asosiy qism mana shu
yerdan boshlanadi. Qalblar yaqinlashadi, deysizmi? Yo’q, biri
ikkinchisini yomon ko’ra boshlaydi! Huddi u hayotida ortiqchadek,
halaqit berayotgandek tuyuladi ba’zida. Nafratlanishi ham mumkin.
Sevishini tan olgisi kelmaydi. Keyin esa… Keyin, nima desam ekan, u
yog’ini o’zingiz ham bilsangiz kerak. Aytmoqchi bo’lganim, aksariyat
sevgi to’satdan sahnaga chiqmaydi, avval yoqtirmaslik, keyin yaxshiroq
bilish, undan ham keyin esa usiz yashay olmaydigan darajaga kelish!
Menda
ham huddi shunday bo’ldi. Uni umuman tanimasdim. Borligini ham
bilmasdim. Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi, bir kuni ro’paramda
paydo bo’ldi. O’shanda juda yosh edim. Yuqorida sanab chiqqanlarim yuz
berdi.
Ya’ni, sen menga yoqmading. Chunki sen judayam g’alati
eding. Keragidan ortiq g’alati! Huddi boshqa sayyoradan kelib
qolgandek. Sen bir olamsanu, biz yashayotganimiz boshqa bir olam. Men
bunaqasini orzu qilmaganman, balki yaxshidirsan, lekin menga loyiq
emassan, deb o’yladim o’shanda. Sen esa meni o’zingga qaratishni,
hayotingda, to’g’rirog’i, mening hayotimda bo’lishni xohlarding.
“Yo’q!” dedim men. Sen yana ortimdan qolmading. Men sen bilan yashashni
tasavvur ham qilolmasdim. Chunki sensiz hayotim yaxshi edi, sen
bo’lgach tinchligim buzilishini bilardim. Ikkinchidan, sen mening
atrofimdagi ko’pchilikka yoqmasding, shuning uchun ham qo’lingni
tutolmasdim. Majburlama! “Esingni yedingmi? – dedim bir kuni
“portlab” ketay deb, - “Balki seni sevarman, ammo biz birga
bo’lolmaymiz”. Seni bilaman, sevishimdan ham ko’ra, birga bo’lishimizni
xohlarding. Aslida buni mening manfaatim yo’lida xohlarding. Shuning
uchun ham bu javobim senga yoqmadi. Bir so’z demay orqa o’girdingu,
ketding. Ketding… Yana hech narsa bo’lmagandek, avvalgi hayotimda
yashashni davom ettiraman, deb o’yladim men. Ammo bunday bo’lmadi.
Yo’qligingda hammasini angladim: seni sevishimni, sening kerakligingni,
sensiz hayot aldamchi ekanligini. U yana qaytib keladi, degan ilinj
paydo bo’ldi. Hanuz shu ilinj bilan yashayapman…
Mana, hozir
sen yo’qsan. Bor bo’lganingda nimalar bo’lardi, a? Seni haydab solgan
men va menga o’xshaganlar yo’lingga ko’z tikib sarson bo’lmasmidi. Yana
ba’zilar sensizlikdan quvonib, “Baribir haqiqat yo’q” deya,
razilliklarini davom ettirmasmidi. “Haqiqat bor!” dedim ularga. “Yo’q!” deyishdi ular. “Bor!” dedim bo’sh kelmay. “Qani unda?” Shu
savollariga javob bera olmadim. Seni qo’lim bilan ushlab
ko’rsatolmadim. Sen yashayadigan makonni ham ko’rsatolmadim. Chunki
topolmadim. Baribir ular men bilan noto’g’ri baxslashishdi, men haqiqat
umuman olganda mavjud degan edim, ular esa “O’zi yo’qning ko’zi yo’q”
qabilida ish tutishdi. Menga ham shuni maslahat berishdi: “Ko’pam
haqgo’ylik qilaverma, baribir bu dunyoda haqiqat yo’q!”. Lekin sen
borsan-ku. Menga ro’baro’ kellgan, hayotimda mavjud bo’lsihni xohlagan,
axiyri meni sevdirgan sen emasmiding? Sen borsan! Ishonishmasa
ishonishmas, baribir sen borsan. Bizni tark etgansan xolos, aslida
mavjudsan!
Haqiqat, men sensiz qiynalyapmanu, ammo sensiz
rohat-farog’atda yashayotgan son mingta. Ular doim “Haqiqat yo’q”ni
hadik bilan aytishadi, bor bo’lib qolishingdan qo’rqishadi. Agar sen
bor bo’lsang, ular yo’q bo’lishi kerak-da. Chindan ham sensiz hayot
oson. Sen ko’pchilikning tinchlikda yashashiga, boy bo’lishiga,
azoblardan qutulishiga halaqit berasan. Sening ularga keraging yo’q.
Men ham ular qatoridan joy olishim, yolg’on va nohaqlik bilan yuqori
cho’qqilarga chiqishim mumkin edi, ammo birgina narsa – sen uyg’otib
ketgan sevgi meni bundan qaytaradi. Agar seni sevmaganimda, agar sen
o’zingni sevdirmaganingda, men ham sensiz tinch turmush kechirayotgan
bo’lardim, balki o’shalarga o’xshab seni yo’q degan va shu bilan birga
bor bo’lib qolishingdan qo’rqqan bo’lardim. Seni sevib va shu
xolatda sensiz yashash qiyin, juda qiyin. Chunki bu yerda sening
dushmanlaring bor. Nohaqlik ismli dushmaning har yerda o’rningni
egallashga, insonlarni o’ziga jalb qilishga urinadi. Buni uddalaydi
ham. U insonlarga juda ko’p va’dalar beradi, hashamat yaratib berishga
harakat qiladi. Shundan so’ng kim ham uning ketidan ketmasin?!
Bir
kuni u mening ham qalbimni o’g’irlashga kirishib qoldi. Eh, nodon,
o’g’irlangan qalbdan nimani izlaysan? Mening qalbim Haqiqatning
qo’lida-ku. Aytishicha, unga mening qalbim kerak emas, aksincha, qalb
va vijdoni yo’qlarni ketidan ergashtirishi oson ekan. Qaragina, sen ilk
bor oldimga kelganingda, menga yoqmagan eding, dushmaningni bir ko’rgan
odam yoqtirib qoladi. Ammo u hayotimga kirib kelaman, deb yanglishgan
edi, to’g’rirog’i kech qolgan edi. Huddi senga boshida “Yo’q”
deganimdek (eng katta xatoni qilganimdek) unga ham “Yo’q” dedim.
Bilasanmi, shunda nima bo’ldi? Kulgiga qoldim. Yana menga maslahatlar
boshlandi: “O’zingcha nimalar qilmoqchisan?”, “Dunyoni
o’zgartirolmaysan”, “Oqimga qarshi suzma” va yana o’sha mashhur gap:
“Haqiqat yo’q!” Men yana sening borligingni isbotlashga behuda
urindim va sevgilisini yo’qotgan bevalardek hayot kechirishda davom
etdim. Sen qaytib kelishingga ishonib, hayolan sevishganlar deb faraz
qildim ikkimizni. Bu “axmoqona” sevgimdan voz kechsamu, sen kelsang,
uyatga qolishimdan qo’rqdim. Seni har kuni izlayman, natija yo’q.
Yana dushmaning Nohaqlik atrofimda girdikapalak bo’la boshladi. Shunda
men uning qo’lini tutdim! Senga hiyonat qildim! Nohaqalik bilan shirin
hayot kechirish uchun emas, boshqalardek rohatga osongina erishish
uchun emas, sendan hafa bo’lib, kutaverib sabr kosam to’lganidan, menga
yordam bermaganing uchun alam ustida shunday qildim. Ha, Nohaqlikning
joyi senikidek kulba emas, qasr ekan. Ammo men unda uzoq yashay
olmadim. Haqiqatni sevib, Nohaqlik bilan yashab bo’lmas ekan.
Shuningdek, Haqiqatni sevib, Haqiqat bilan ham yashab bo’lmas ekan.
Chunki… Seni sevishimning negadir boshqalarga og’irligi tushadi.
Ensalari qotaverib, yaqinda muzlab qolishsa kerak. “Nima, sen har doim
halol yashaysanmi?” deb so’rashadi qoshlarini chimirib. Nega
tushunishmaydi, men o’zimni halol yoki haqgo’y demayapman-ku. Haqiqatni
sevaman xolos. O’zingiz ayting, kimnidir sevsangiz, bu bilan ish
bitadimi? Unga erishish kerak. Erishish uchun esa nafaqat sevish, balki
sevilish, unga loyiq bo’lish va eng muhimi sevganingiz oldingizda
bo’lishi kerak. O’shanda u sizniki, siz uniki bo’lasiz. Endi mening
sevgimni faraz qilib ko’ring. U oldimda emas, demak erisha olmadim. Bir
oshiqman xolos. Bu esa deyarli hech narsani hal qilmaydi.
Sevgi
hammada har-xil bo’lar ekan. Aslida sevishganlar rashkchi bo’lishadi.
Rashk qiladimi, demak sevar ekan, deyishadi. Ishonasizmi, menda rashk
yo’q. Seni boshqalar bilan birga ko’rsam, jahlim chiqmaydi, quvonaman.
Borligingni o’zi kifoya menga. Yonimda bo’lmasang ham mayli. Faqat
“Haqiqat yo’q” deganlarga qarshi chiqolmayotganim alam qiladi-da. Sen
haqingda yana bir gap bor-ku, “Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo
sinmaydi” degan, shu gap menga sira yoqmaydi. Chunki meni sening
egilishing, bukilishing, sinishing qiziqtirmaydi. Borliging
qiziqtiradi.
Bir paytlar Abdulla Oripovning “Yolg’iz Allohim
mening – birinchi muhabbatim” misralari bilan tugovchi she’rini
o’qiganimda hayron bo’lgandim, birinchi muhabbat Alloh bo’lishi
mumkinmi deb. Mana endi o’zim ham Haqiqatga oshiq bo’lib, sizlarni
hayron qoldiryapman. Ajoyib kunlarning birida (!) siz bilgan sevgiga
duch kelgan taqdirimda ham, aniqki, men uni Haqiqat orqali sevaman va
Haqiqatdan ortiq sevolmayman… Sevgi bilan bu gaplarning nima aloqasi
bor deysizmi? “Rayhonga uylanaman”ga jo’r bo’lasiz-u, “Haqiqatni
sevaman”ga quloqlaringiz o’rganolmayaptimi? Uzr, unda!
Agar
o’qishda davom etayotgan bo’lsangiz, keling, bir zumga hammasini
unutamiz. Eslab ko’ring, balki mavhum tushuncha bo’lib tuyulayotgan
Haqiqat sizning ham oldingizga kelgandir. Ko’rmagan bo’lishingiz
mumkin, lekin “ko’rmadim” bilan “yo’q”ning farqi bor-ku. Ho’p, siz
aytgancha bo’laqolsin, Haqiqat yo’q, chunki siz uni ko’rmagansiz. Siz
faqat ko’rganingizga ishonadigan salohiyatli insonsiz! Hech bo’lmasa,
Nohaqlikni ko’rgandirsiz, a, labbay? Shoshmang, javob berishdan oldin,
eng qalin niqoblaringizni yechib turishingizga (yechib tashlashingizga
demayapman) to’g’ri keladi.
Ikkilanib qoldingizmi? Agar “Ha,
men haqiqat bilan yashaganman” deb javob beradigan bo’lsangiz, sizga
ishonaman! Shu bilan birga havas qilaman, siz haqiqatni sevish
barobarida sevgingizga erishibsiz ham!
Men sen bilan
yashashni, sening borligingni isbotlashni niyat qilgandim. Tushunishni
xohlamayotganlarni ayblash ham noo’rin bir tomondan. Chindan ham sen
yo’qsan-da. Umuman mavjudsan, lekin bizning ko’z oldimizda yo’qsan!
Eshityapsanmi, yo’qsan! Mavjudsanu, bor emassan.
Haqiqat,
balki buni talab qilishga haqli emasdirman, ammo o’tinchim, senga
qanday munosabatda bo’lganlariga parvo qilmaginda, oldimizga kel.
Sevgini sarobga aylantirma. Biz albatta baxtli bo’lamiz!